Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolarni iqtisodiy sudlarda ko’rib chiqishning o'ziga xos jihatlari.
O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida kredit shartnomalari muhim huquqiy hujjat hisoblanib, O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining
744-moddasiga ko’ra kredit shartnomasi bo‘yicha bir taraf — bank yoki boshqa kredit tashkiloti (kreditor) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) shartnomada nazarda tutilgan miqdorda va shartlar asosida pul mablag‘lari (kredit) berish, qarz oluvchi esa olingan pul summasini qaytarish va uning uchun foizlar to‘lash majburiyatini oladi.
Bilamizki, kredit shartnomalari banklar yoki moliyaviy tashkilotlar tomonidan mijozlarga belgilangan shartlar asosida pul mablag'lari taqdim etilishini tartibga soladi. Ushbu shartnomalarning huquqiy asoslari va ularni iqtisodiy sudlarda ko'rib chiqish jarayonlari bir qator o'ziga xos jihatlarni o'z ichiga oladi.
Ma`lumki, iqtisodiy sudlar, asosan, yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar o'rtasidagi moliyaviy majburiyatlar bilan bog'liq nizolarni ko'rib chiqadi. Kredit shartnomalari bilan bog'liq masalalarda sudlar eng avvalo shartnoma shartlarini bajarilish holatini ya`ni sud kredit beruvchining yoki qarzdorning shartnoma shartlarini qanchalik bajarishini tahlil qilishi, penya va jarimalarga bo’lgan huquqlarini amalga oshirish holatini, agar qarz o'z vaqtida qaytarilmasa, shartnomada belgilangan foizlar hamda jarimalarning qonuniyligi va miqdori sud tomonidan o'rganish orqali aniqlanishi lozim bo’ladi.
Sud nizoni hal qilishda tomonlar o'rtasidagi muvozanatni ta'minlashga harakat qiladi.
Kredit shartnomalarining boshqa shartnomalardan farqli jihatlari shundan iboratki, birinchi navbatda kredit shartnomalari pul mablag'lari bilan bog'liq bo'lishini qayd etish joiz. Kredit shartnomalari faqat moliyaviy majburiyatlar asosida tuziladi, boshqa shartnomalarda esa mulk, xizmat yoki boshqa majburiyatlar ishtirok etishini ko’rishimiz mumkin. Keyingi bosqichlarda foizlarning mavjudligini keltirib o’tish mumkin, sababi kredit shartnomalarida, odatda, qarz uchun foizlar belgilangan bo'ladi, bu esa boshqa shartnomalarda ko'pgina hollarda uchramaydi. Kredit shartnomalaridagi eng muhim jihatlardan biri muddat va qaytarish shartining mavjudligi boshqa shartnomalardan uni ajratib turadi. Kredit shartnomalari belgilangan muddat ichida qarz mablag'larini qaytarishni talab qiladi. Kredit shartnomalarida mavjud bo’lgan yana bir talablardan biri ipoteka yoki garovning majburiyligi hisoblanadi. Bu esa kreditor uchun kredit mablag’larini qarz oluvchidan undirib olish uchun muhim vosita sifatida baholanadi.
Amaliyot bilan uyg’unlashtirilganda, kredit shartnomalari yuzasidan Sherobod tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan 2024 yilda jami 286 ta ish mazmunan ko’rib chiqilgan bo’lib, mazkur nizolarning aksariyati kredit summasini garovdagi mol-mulkka qaratish, tijorat krediti yuzasidan majburiyatlarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun kredit asosiy qarzdorligini, muddati o’tgan kredit qarzdorligini, unga hisoblangan bank foizini undirish, undiruvni garov mulkiga qaratish, undiruvni kafildan solidar tartibda undirishga, shuningdek, kredit shartnomalarning ayrim bandlarini yoki kredit shartnomasini haqiqiy emas deb topish to’g’risidagi, kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish haqidagi nizolar sudga taqdim etilganligini ko’rishimiz mumkin.
Kredit shartnomalari iqtisodiy faoliyatda muhim ahamiyatga ega bo'lib, ularning nizolarini iqtisodiy sudlarda ko'rib chiqish aniq qonunchilik asosida amalga oshiriladi. Bu jarayon tomonlar o'rtasidagi huquqiy muvozanatni saqlashni ta'minlashga qaratilgan. Shuning uchun ham Sherobod tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan bunday turdagi nizolarning 225 tasi qariyb 78,67 % ining qanoatlantirilganligi shartnoma taraflarining eng avvalo kredit shartnomasi shartlarini tuzishda va bajarishda tomonlarning mas'uliyatli bo'lishi zarurligini anglatadi.
Shu o’rinda kredit shartnomasini rasmiylashtirishda tomonlar shartnoma shartlarini to'liq tushunmasdan imzolamasligi, har ikki tomon, ayniqsa qarzdor, shartnoma shartlarini diqqat bilan o'qib chiqishi va ulardagi majburiyatlarni to'liq tushunib olishlari, qarzdorlarga moliyaviy ahvolini tahlil qilish va qayta ko'rib chiqishni, shartnoma shartlariga rioya qilmaslik jarimalar va penyalarning ko'payishiga olib kelishini inobatga olishlarini, aksariyat qarzdorlar o'z huquqlari va majburiyatlari haqida to'liq ma'lumotga ega bo'lmaganligi oqibatida huquqshunoslar, yuristlardan maslahat olgan holda shartnoma tuzishlari lozimligini, tomonlarga shartnomaviy majburiyatlarga rioya qilishning huquqiy va axloqiy jihatlarini to’liq tushunib yetishlari kerakligini, bu esa ular o'rtasidagi ishonchni saqlash uchun ham, qonunchilikni buzmaslik uchun ham muhim hisoblanishini ta`kidlash o’rinlidir.
Xabaringiz bor, sud jarayoni har ikki tomon uchun vaqt va resurslarni talab qiladi. Shuning uchun qarzdorlarga nizoni sudgacha hal qilish uchun bor imkoniyatlardan (o’zaro murosaga kelish, kelishuv bitimini tuzish, mediatsiya tartib taomillariga rioya etish kabi) foydalanish tavsiya etiladi.
Zero, kredit shartnomalari o'z vaqtida bajarilishi har ikki tomon manfaatlariga xizmat qiladi.
Sherobod tumanlararo iqtisodiy
sudi sudyasi T.R.Jabbarov
© Sherobod tumani hokimligi veb-saytlari 2025