Sherobod tumani hokimligi
YANGI KONSTITUTSIYA – YANGI O‘ZBEKISTONNI BARPO ETISHNING HUQUQIY POYDEVORI

Konstitutsiyaviy Qonun referendum yakunlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 2023 yil 01 may kunida kuchga kirdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslari, davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishga xizmat qilayotganligi tahsinga sazovor. Shuningdek, yangilangan Konstitutsiya O‘zbekiston uchun hayotiy zarurat bo‘lib, bu mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadamdir.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda erishgan yutuqlarimiz, xususan, iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, so‘z va e’tiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalaridagi yuzlab cheklovlarning olib tashlangani, naqd pul, valyuta, kredit masalalaridagi muammolar hal qilingani, qo‘shnilarimiz bilan oramizdagi “muzlar erigani” va boshqa ijobiy harakatlar ortga qaytmasligining konstitutsiyaviy himoyasini ta’minlash, bu yutuqlar, huquq va erkinliklardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham emin-erkin foydalanishi uchun ularni, albatta, Konstitutsiyada muhrlab qo‘yish talab etildi.

Natijada esa yangi Konstitutsiyadagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.

Konstitutsiyaning 1-moddasidagi “O‘zbekiston – suveren demokratik respublika” jumlasi Yangilangan Konstitutsiyamizda “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” degan norma mustahkamlandi.

Yangi kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, O‘zbekistonda huquqiy davlat tamoyili mustahkamlandi, endilikda barcha jarayonlar qonuniy asoslar ustiga quriladi, davlat xizmatchilaridan huquq doirasida fikrlash, barcha masalalarga huquqiy ko‘z bilan qarash talab etiladi. Qolaversa, huquqiy davlatda barcha fuqarolar qonun oldida teng bo‘ladi, davlat hokimiyatining oliy organlari ham qonunlarga bo‘ysunadi va qonunlarning muqarrar ijrosini ta’minlaydi.

O‘zbekiston o‘zini ijtimoiy davlat deb e’lon qilishi bilan, har bir fuqarosiga munosib turmush kechirishi uchun shart-sharoit yaratish majburiyatini olmoqda. Bu – mavjud resurslarni ijtimoiy adolat tamoyillari asosida taqsimlash, jamiyatda kuchli tabaqalanish avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, eng zaif qatlamlar uchun ham sifatli ta’lim va tibbiyot kafolatlanishi, samarali ijtimoiy himoya dasturlari ishlashi, imkoniyati cheklangan va qo‘llovga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, adolatli mehnat qonunchiligi va jozibador pensiya tizimi kabilarni anglatadi.

Oddiyroq aytganda, eng kambag‘al oilaning bolalarida ham sog‘-salomat o‘sib-ulg‘ayib, yaxshi ta’lim olib, farovonlikka erishish imkoniyati bo‘lishi kerak.

Dunyoviy davlatda davlat va din bir-biridan ajratilgan bo‘ladi. Davlat diniy e’tiqodidan qat’i nazar barchaga bir xil munosabatda bo‘ladi, dinga oid masalalarda neytral pozitsiyani egallaydi.

Surxondaryo viloyat sudi sudyasi Zuxriddin Mavlonov

2 izoh

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
26 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?

Ўзбекистон Республикаси герби    Ўзбекистон Республикаси байроғи   Ўзбекистон Республикаси мадҳияси