Unga ko‘ra, Jinoyat-protsessual kodeksiga qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlarini shikoyat (protest) asosida apellyatsiya tartibida, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini taftish tartibida qayta ko‘rishga, shuningdek qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rish bo‘yicha vakolatlarni viloyat sudlariga va ularga tenglashtirilgan sudlarga o‘tkazishga hamda yuqori sudlar tomonidan sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan ko‘rish uchun quyi instansiya sudlariga yuborish amaliyotini tugatishga doir protsessual normalarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ma’lumki, keyingi yillarda sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish orqali xalqimizning odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida bosqichma-bosqich islohotlar olib borilmoqda. Jumladan, fuqarolarning huquqlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash maqsadida amaliyotga tatbiq etilgan yarashuv, dastlabki eshituv, mediatsiya, shuningdek sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish kabi institutlar takomillashtirildi.
Shuning barobarida, bugungi kunda sudlarda ish hajmi keskin ortganligi ba’zan ishlarni qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqish imkoniyatining yo‘qolishiga olib kelayotganligi ham sir emas.
Qolaversa, uzil-kesil qaror qabul qilishda sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini uch bosqichli tizim vositasida tekshirish imkoniyatlari cheklanganligi sababli mazkur tizimni o‘rta bo‘g‘inning — viloyat sudlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali takomillashtirish zarurligini hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Shundan kelib chiqib, endilikda ushbu qonun bilan sud hukmiga nisbatan apellyatsiya shikoyati (protesti) berish muddati 10 sutka etib belgilanmoqda.
Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksi ishlarni taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishni belgilovchi bob bilan to‘ldirilyapti. Xususan, birinchi instansiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish tartibida ko‘rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish instansiya sudlarining hukmlari, ajrimlari ustidan taftish tartibida shikoyat berish mumkin.
Mazkur qonun 2024 yil 1 yanvardan kuchga kirishi belgilangan bo‘lib, uning hayotga tatbiq etilishi sudyalarning mas’uliyatini yanada oshirishga, ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga, sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat sudlarining hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanishga, fuqarolarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga va noroziliklarning oldini olishga, shuningdek ortiqcha sarsongarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qilishi bilan katta ahamiyatga ega.
Xususan, mazkur qonun talabiga ko‘ra, 2024 yil 01 yanvar kunidan hukmga apellyatsiya shikoyati (protesti) 10 sutka ichida berilishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksi ishlarni taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishni belgilovchi bob bilan to‘ldirilmoqda-ki, unga ko‘ra, birinchi instansiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish tartibida ko‘rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish instansiya sudlarining hukmlari, ajrimlari ustidan taftish tartibida shikoyat berish mumkin.
Agar shikoyatda yoki protestda mahkumning ahvoli yomonlashishiga olib keladigan o‘zgarishlar haqidagi masala qo‘yilgan bo‘lsa, sudning ayblov huqmini yoxud ajrimini taftish tartibida ko‘rib chiqishga, shuningdek sudning oqlov hukmini yoki ishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimini taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishga faqat u qonuniy kuchga kirgandan keyin bir yil ichida yo‘l qo‘yiladi.
Birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan tekshirilmagan dalillar sud tomonidan qabul qilinadi, bunda shaxs bu dalillarni o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan qanday sabablarga ko‘ra birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudiga taqdim etish imkoniyati bo‘lmaganligini tushuntirib berishi kerak.
Taftish instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya yoki tegishli taftish instansiyasi sudlarining ajrimlari ustidan berilgan xususiy shikoyat (xususiy protest) bo‘yicha ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra quyidagilarga haqli:
birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya yoki tegishli taftish instansiyasi sudining hukmini, ajrimini o‘zgarishsiz, taftish tartibida berilgan shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmasdan qoldirish to‘g‘risida;
ayrim sud qarorlarini bekor qilish va ish bo‘yicha ilgari qabul qilingan sud qarorlaridan birini o‘z kuchida qoldirish to‘g‘risida;
ish bo‘yicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish va ayblov yoki oqlov hukmi chiqarish to‘g‘risida;
ish buyicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish va ish yuritishni tugatish to‘g‘risida;
ish bo‘yicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish va jinoyat ishini birinchi instansiya sudiga yuborish to‘g‘risida;
birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudining hukmini, ajrimini o‘zgartirish to‘g‘risida;
shikoyat (protest) qaytarib olingan taqdirda, taftish tartibidagi ishni yuritishni tugatish to‘g‘risida.
Bundan tashqari, endilikda sud jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko‘rishda shikoyat yoki protest vajlari bilan chegaralanmaydi va ishni barcha mahkumlarga, shu jumladan tegishli shikoyatni bermagan shaxslarga yoki o‘ziga nisbatan shikoyat (protest) berilmagan mahkumlarga nisbatan ham to‘la hajmda tekshiradi.
Surxondaryo viloyat sudi sudyasi
Z.E.Mavlonov
© Sherobod tumani hokimligi veb-saytlari 2025
5 izoh