Sherobod tumani hokimligi
MEROS HUQUQINING MAZMUN VA MOHIYATI

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, vorislik vasiyat va qonun bo‘yicha amalga oshiriladi. Qonun bo‘yicha vorislik vasiyat mavjud bo‘lmasa yoxud butun merosning taqdirini belgilamasa, shuningdek ushbu Kodeksda belgilangan boshqa hollarda amalga oshiriladi. Meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kiradi.

Meros ochilishi haqida so‘z borganda, fuqaroning o‘limi yoki fuqaroni vafot etgan deb topish meros ochilishiga yagona asos bo‘lishini ta’kidlash joiz. Merosning ochilishi ma’lum bir vaqt bilan belgilanadi. Jumladan, meros qoldiruvchining o‘lgan kuni, u vafot etgan deb e’lon qilinganda esa, agar sudning qarorida muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi sudning qarori kuchga kirgan kun, meros ochilgan vaqt hisoblanadi.

Meros ochilgan paytda tuzilib bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin. Demak, qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga asosan meros qoldiruvchi bilan qarindoshlik munosabatlarida bo‘lgan va meros qoldiruvchining qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar kirsa, vasiyat bo‘yicha merosxo‘rlarni tayinlash meros qoldiruvchining mutlaq huquqi hisoblanadi va faqatgina uning xohish-irodasi bilan erkin tanlanadi.

Amaldagi Fuqarolik kodeksida vasiyat bo‘yicha vorislikning umumiy qoidalari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, fuqaroning o‘ziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqini vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi vasiyat deb e’tirof qilinadi. Vasiyatnoma shaxsan tuzilishi lozim. Vasiyatnomaning vakil orqali tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Fuqaro o‘zining barcha mol-mulkini yoki uning muayyan qismini qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga kiradigan, shuningdek, kirmaydigan bir yoki bir necha shaxsga, shu bilan birga, yuridik shaxslarga, davlatga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga vasiyat qilishi mumkin.

Vasiyat qiluvchi qonun bo‘yicha merosxo‘rlardan bittasini, bir nechtasini yoki hammasini izoh bermagan holda merosdan mahrum qilishga haqli. Qonun bo‘yicha merosxo‘rni merosdan mahrum etish, agar vasiyatnomadan boshqa mazmun kelib chiqmasa, bu vasiyat qiluvchining taqdim etish huquqi bo‘yicha vorislik qiladigan avlodlariga nisbatan tadbiq etilmaydi.

Meros qoldiruvchi har qanday mol-mulk to‘g‘risidagi farmoyishni o‘z ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli. Meros qoldiruvchi vasiyat qilayotgan paytida o‘ziga tegishli bo‘lmagan mol-mulk to‘g‘risidagi farmoyishni o‘z ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli. Agar meros ochilgan paytga kelib, bunday mol-mulk unga tegishli bo‘lib qolsa, tegishli farmoyish haqiqiy hisoblanadi. Meros qoldiruvchi vasiyatnoma tuzilganidan keyin uni istagan paytda bekor qilish va o‘zgartirish borasida erkin bo‘lib, bunda bekor qilish yoki o‘zgartirish sabablarini ko‘rsatishga majbur emas.

Majburiy ulush olish huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘r biron-bir asos bo‘yicha merosdan oladigan hamma narsa, shu jumladan, oddiy uy jihozlari va ro‘zg‘or buyumlaridan iborat mol-mulkning qiymati ham, bunday merosxo‘r foydasiga qilingan vasiyat majburiyatining qiymati ham majburiy ulushga qo‘shiladi.

Merosdan majburiy ulush huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘r uchun vasiyatnomada belgilangan har qanday cheklashlar va shartlar unga tegadigan merosning faqat majburiy ulushdan ortiqcha qismiga nisbatan haqiqiydir.

Surxondaryo viloyat sudi sudyasi
Z.E.Mavlonov

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
4 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?

Ўзбекистон Республикаси герби    Ўзбекистон Республикаси байроғи   Ўзбекистон Республикаси мадҳияси