IQTISODIY SUDGA MUROJAAT QILISh TARTIBI
Hozirgi kunda tadbirkorlik soha vakillarning iqtisodiy sudga murojaat qilish tartibini o‘rganish dolzarb vazifalarning biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasiga “Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli” deb yozib qo‘yilgan.
Tadbirkorlik sub’ektlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va jismoniy shaxslar (korporativ nizolar yuzasidan) o‘zlarining iqtisodiy sohadagi buzilgan huquqlarini himoya qilish maqsadida iqtisodiy sudlarga murojaat qiladilar. IPKning 3-moddasiga ko‘ra har qanday manfaatdor shaxs o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun iqtisodiy sudga IPKda belgilangan tartibda murojaat qilishga haqli.
Iqtisodiy protsessual kodeksining 3-moddasida sudga murojaat qilishda nizolarning toifasiga ko‘ra qanday turdagi hujjatlar taqdim etilishi bayon qilingan.
Unga ko‘ra, sudga taqdim etiladigan hujjatlar da’vo arizasi, ariza yoki shikoyat tarzida rasmiylashtirilib, taqdim etiladi. Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda iqtisodiy sudga prokuror, davlat organlari va boshqa shaxslar ham murojaat qilishga haqli. Taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnomada yoki qonunchilikda da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilishdan oldin, nizoni sudgacha hal qilish shartligidan iborat bo‘lgan qoida belgilanishi mumkin.
Jumladan, tadbirkorlik sub’ektlari o‘zaro shartnoma tuzishda erkindirlar va shartnomada qonunga zid bo‘lmagan qoidalarni mustaqil ravishda va o‘z xohishlariga ko‘ra belgilaydilar. Agar qonunda ayrim toifadagi nizolar uchun ularni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibi belgilangan yoxud bu tartib shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, taraflar o‘zaro munosabatlarini ixtiyoriy ravishda hal qilish choralarini ko‘rganlaridan, ya’ni javobgarga oldindan talabnoma yuborgandan so‘ng sudda ish qo‘zg‘atish mumkin.
Hususan, Fuqarolik kodeksining 384-moddasiga ko‘ra, shartnoma qanday shaklda tuzilgan bo‘lsa, uni o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi
kelishuv ham shunday shaklda tuziladi, basharti qonun hujjatlaridan, shartnoma yoki ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa.
Bir taraf shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi taklifga ikkinchi tarafdan rad javobi olganidan keyingina yoki taklifda ko‘rsatilgan yoxud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat bo‘lmaganida esa, o‘ttiz kunlik muddatda javob olmaganidan keyin, shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi talabni sudga taqdim etishi mumkin. Shu bois, bir taraf shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish yuzasidan ikkinchi taraf bilan nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya qilganidan keyingina, sudga bu to‘g‘risida talab bilan murojaat qilishi mumkin.
Agar da’vogar manfaatida prokuror, davlat organlari va boshqa organlar sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilsa, talabnoma yuborish tartibiga rioya qilinganligidan qat’i nazar, ish ko‘rib chiqiladi.
Sudga taqdim etiladigan da’vo ariza, qarshi da’vo ariza, arizalar hamda shikoyatlar uchun umumiy bo‘lgan qoida shundan iboratki, ular ishda ishtirok etuvchi shaxslar (tashkilotlar, fuqarolar) nomidan rasmiylashtiriladi va vakolatli shaxslar tomonidan imzolanadi.
Shartnoma bo‘yicha kelishmovchiliklar to‘g‘risidagi nizoni xo‘jalik sudiga hal etish uchun berishning boshqa sharti taraflarning bunday imkoniyat haqidagi kelishuvi hisoblanadi. Mazkur kelishuv turli
shakllarda, masalan, xatlar, telegrammalar, ma’lumotlar almashish yo‘li bilan, faksimil yoki elektron aloqa vositasida ifoda etilishi mumkin.
Bundan tashqari, shartnoma bo‘yicha kelishmovchiliklarni hal etishni xo‘jalik sudiga topshirish tuzilishi kerak bo‘lgan shartnomaning sharti sifatida nazarda tutilishi va agar boshqa taraf kelishmovchiliklar bayonnomasida loyihaning bu sharti bo‘yicha hech qanday e’tiroz
bildirmasa, taraflardan biri tomonidan loyihaga kiritilishi mumkin.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, yuqorida keltirilgan iqtisodiy sudga murojaat qilish tartibi bilan tomonlar tanish bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.
Sherobod tumanlararo
sudi raisi S.J.Xusanov
© Sherobod tumani hokimligi veb-saytlari 2025